"O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan oliy ta’lim muassasalari iqtidorli talabalari uchun “GTL stipendiyalar dasturi - 5” tanlovi e’lon qilindi.
Unda texnika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining 3-, 4-bosqich bakalavr va 1-, 2-bosqich magistr ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishlari mumkin.
Gʻoliblar uch bosqich natijalariga ko‘ra aniqlanadi.
Joriy yilning 15 sentyabridan 15 oktyabriga qadar talabgorlardan ushbu havola orqali anketa to‘ldirib, ro‘yxatdan o‘tishlari va https://t.me/uzgtl_scholarshipbot telegram-boti orqali o‘zlari haqida batafsil ma’lumot beruvchi video yuborishlari so‘raladi.
Joriy yilning 20 oktyabridan 15 noyabriga qadar onlayn anketalar va videolar orqali saralangan talabalar o‘rtasida mutaxassisliklari va ingliz tili bo‘yicha yozma ish yoki test shaklida imtihon o‘tkaziladi.
Joriy yilning 20 noyabridan 15 dekabriga qadar ikkinchi bosqichda yuqori natijaga erishgan talabalar suhbatda ishtirok etadi.
Tanlov doirasida o‘tkaziladigan har bir bosqich bo‘yicha batafsil ma’lumot (keyingi bosqichga o‘tgan talabalar ro‘yxati, imtihon o‘tkazish kuni, joyi va vaqti) Kompaniyaning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilib boriladi.
Dastur g‘oliblarini taqdirlash marosimi joriy yilning dekabr oyida o‘tkaziladi.
Gʻoliblarga 1 yil mobaynida har oy 1 000 000 so‘m miqdorida stipendiya to‘lab boriladi hamda oliy ta’lim muassasasini tugatgandan so‘ng doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, “Uzbekistan GTL” zavodida kengaytirilgan ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. (Amaliyot davomida transport, yashash va ovqatlanish xarajatlari Kompaniya tomonidan qoplanadi.)
Eslatib o‘tamiz, ushbu stipendiya dasturi 2019-2020 o‘quv yilida ta’sis etilgan. O‘tgan o‘quv yillarida dasturda jami 5714 nafar talaba qatnashib, 70 ga yaqin iqtidor egalari g‘olib va faol ishtirokchi sifatida e’tirof etilgan.